
Kecha muhtaram Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedovning topshirig‘iga binoan Tashqi ishlar vazirligida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) ishlari bo‘yicha Turkmaniston milliy komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasi Raisining ayrim o‘rinbosarlari, sohaviy vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Majlis davomida BMTning ushbu ixtisoslashgan idorasi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi, shuningdek, mamlakatimiz milliy qadriyatlarini YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar bilan bog‘liq holda, o‘zaro hamkorlikning kelgusidagi yo‘nalishlari belgilandi.
Bundan tashqari, davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, YUNESKO ishlari bo‘yicha Turkmaniston milliy komissiyasining o‘tgan yilda olib borgan ishlari yakunlari va 2026-yilgi Rejada belgilangan vazifalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tinglandi.
Shu bilan bir qatorda, 2025-yilda YUNESKO hamda uning mintaqaviy tuzilmalari vakillari bilan raqamli tizim orqali o‘nlab uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazilgani ta’kidlandi. Ularning davomida fan, ta’lim, madaniyat va ekologiya sohalarida samarali hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. YUNESKO va uning Olmaota shahridagi mintaqaviy idorasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro hamda mintaqaviy konferensiyalar, o‘quv seminarlarida ishtirok etish uchun xorijiy safarlar uyushtirildi.
Ma’lumki, Turkmanistonda milliy merosimiz, hunarmandchilik an’analari, amaliy-bezak san’atining butun dunyoda targ‘ib qilinishiga, san’atning turli ko‘rinishlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beriladi. Turkman xalqining Milliy Lideri, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan asos solingan va muhtaram Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedov boshchiligida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan davlat siyosati natijasida turkman jamiyatining ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirishga, milliy madaniyatimizni takomillashtirishga, tarixiy-madaniy va tabiiy yodgorliklarimizni muhofaza qilish hamda asrab-avaylashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Boy madaniy merosimiz xalqimizning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan takrorlanmas moddiy va ma’naviy qadriyatlarining yaxlit tizimidir. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari, jumladan, YUNESKO bilan hamkorlikni izchil kengaytirishga alohida e’tibor berilmoqda. Turkmaniston 1993-yildan buyon ushbu tashkilotning to‘la huquqli a’zosidir. BMTning ushbu yirik ixtisoslashgan tuzilmasi madaniy yodgorliklar va tabiiy landshaftlarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro ishlarda muhim o‘rin tutadi, umuminsoniy qadriyatlarga hurmatga asoslangan ochiq muloqot uchun qulay sharoitlar yaratadi. YUNESKO ishlari bo‘yicha Turkmaniston milliy komissiyasining faoliyat ko‘rsatishi ham uzoq muddatli istiqbolga qaratilgan aloqalarga katta ahamiyat berilayotganidan dalolat beradi.
Ko‘p yillik hamkorlik doirasida mamlakatimizda YUNESKO maqsadlarini amalga oshirishda, davlatimizning madaniy, ta’lim va ilmiy salohiyatini oshirishda katta yutuqlarga erishilganini ta’kidlash joiz. Bu, shuningdek, Turkmanistonning moddiy va nomoddiy madaniy merosining xalqaro darajada e’tirof etilishi bilan bog‘liq masalalarga ham tegishlidir.
Turkmaniston YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi, Butunjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyalariga va boshqa ko‘plab hujjatlariga qo‘shilib, ularning qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Dunyo sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lgan tarixiy-madaniy va tabiiy yodgorliklarni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz hududida joylashgan noyob tarixiy ob’ektlardan Qadimiy Marv, Ko‘hna Urganch va Nisoning Parfiya qal’alarining YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani buning yaqqol misolidir.
2025-yilda YUNESKOning Geoparklar bo‘yicha dasturi doirasida tabiiy va madaniy yodgorliklarni, xalqaro geologik ahamiyatga ega landshaftlarni o‘z ichiga olgan geoparklarni tashkil etish borasida ishlar olib borildi. Dasturning asosiy maqsadi mahalliy rivojlanish xususiyatlariga muvofiq, geologik merosdan foydalanadigan va uni targ‘ib qiladigan umumjahon hududiy tizimini yaratishdan iboratdir. Turkmanistonda milliy geologik bog‘larning tashkil etilishi ekologik jihatdan toza, sanoatga bog‘liq bo‘lmagan rivojlanishning istiqbolli manbalaridan biridir. Ularning asosiy maqsadi mintaqaning geologik va no-geologik merosini muhofaza qilish, ulardan fan va turizmni rivojlantirish uchun maydon sifatida foydalanishdan iborat.
Mamlakatimizda o‘ziga xos geologik ob’ektlar mavjud. Bunda Qorabo‘g‘oz ko‘rfazining janubi-sharqiy sohilidagi kanyonlar va xalqaro ahamiyatga ega geologik meros maqomiga ega bo‘lgan loy vulqonlari alohida qiziqish uyg‘otadi. Ushbu hududlarda geoparklarning tashkil etilishi nafaqat tabiiy boyliklarni saqlash, balki mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ekoturizmni rivojlantirish hamda aholining mintaqa geologik merosining ahamiyati haqidagi bilimini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Turkmaniston oliy o‘quv yurtlarida 2 ta YUNESKO kafedrasi va 6 ta klubining ochilishi, shuningdek, 6 ta o‘rta maktabning ushbu tashkilotning Assotsiatsiyalangan maktablar tarmog‘iga kiritilishi yoshlarning ijodiy va ilmiy-tadqiqot faolligini shakllantirish, ularning o‘z mamlakati madaniy qadriyatlari va urf-odatlari haqidagi bilimlarini oshirishda katta ahamiyatga ega. O‘rta va oliy o‘quv yurtlari o‘quvchilari, talabalari, magistrantlari va o‘qituvchilari YUNESKOning insonparvarlik tamoyillarini, tinchlik va o‘zaro anglashuv maqsadlarini chuqur o‘rganmoqdalar va targ‘ib qilmoqdalar. Madaniyatlararo aloqalar, boshqa madaniyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, madaniy va tarixiy merosni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish asosiy vazifalar qatoridan joy olgan.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, o‘tgan yilning dekabr oyida ilm-fan va ta’lim tizimini rivojlantirishda erishgan yuksak natijalari, barcha yoshdagi fuqarolarning hayoti davomida o‘qishi va bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratgan Ashxobod shahri YUNESKOning Ta’lim oluvchi shaharlar butunjahon tarmog‘iga kiritildi. Bu Turkmanistonda inson salohiyatini rivojlantirishga, bilim va innovatsiyalarni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan jamiyatni shakllantirish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganining yorqin dalilidir.
Shuningdek, 8–13-dekabr kunlari Hindiston Respublikasining Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilgan YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 20-majlisida turkman alabaylarini yetishtirish an’analarining YUNESKO Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi haqidagi qaror qabul qilingani ta’kidlandi. Ushbu shonli voqea munosabati bilan 2025-yil 16-dekabrda Xalqaro axaltaka otchilik assotsiatsiyasi va Xalqaro «Turkman alabay itlari» assotsiatsiyasi markazida tegishli guvohnomani topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Turkman alabayi xalqimizning milliy g‘ururi va tarixiy-madaniy merosining ajralmas qismidir. Shu munosabat bilan, hozirgi davrda Qahramon Arkadagimizning ezgu tashabbuslari muhtaram Prezidentimiz boshchiligida muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida alabaylarni ko‘paytirish, ularning zot tozaligini saqlash va zot xususiyatlarini ilmiy asosda o‘rganish bo‘yicha ishlarga katta ahamiyat berilmoqda.
Shuningdek, 2026-yilning «Mustaqil, doimiy Betaraf Turkmaniston — orzular qanotidagi tulporlar makoni» yili deb e’lon qilinishi, muqaddas Mustaqilligimizning shonli 35 yillik bayrami munosabati bilan joriy yil davomida mamlakatimizda va xorijda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, majlisda YUNESKOning yirik tuzilmalarida mamlakatimiz o‘rnini mustahkamlash, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish, raqamli loyihalarda hamkorlik hamda axborot almashish imkoniyatlari kabi muhim vazifalar ko‘rib chiqildi, tashkiliy va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Keywords