
Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi a’zosi bo‘lgan “Begşaha” xususiy korxonasi har oy ayollar uchun mo‘ljallangan “Mährem” savdo belgisi ostidagi shtapel matolaridan 50 ming metr ishlab chiqarmoqda. Bu haqda dushanba kuni chop etilgan “Rysgal” gazetasida xabar berildi.
Korxonada shtapel matolarining turli xillari ishlab chiqariladi. Lebap viloyatining Turkmanobod shahrida joylashgan xususiy korxonada 7 turdagi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shtapelning 4 xil ko‘ylakbop matosi va 3 turdagi shtapel ro‘mollari taklif etilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, “Begşaha” xususiy korxonasiga o‘rnatilgan Italiya, Turkiya va Xitoyning ilg‘or uskunalari ish jarayonlarini avtomatlashtirilgan usulda yo‘lga qo‘yish va shtapel matolarini turli ko‘rinishlarda ishlab chiqarish imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda korxonada 140 ga yaqin tajribali mutaxassis mehnat qilmoqda. Korxonaning tegishli mutaxassislari ekologik toza matolarning turli gullar va ranglar bilan bezatilgan yangi namunalarini tayyorlamoqdalar. Tayyor bo‘lgan bezak namunalari qisqa vaqt ichida ishlab chiqarishga joriy etiladi.
Xususiy korxonaning ixtisoslashgan tikuvchilik bo‘limi esa turli xildagi matolarni hamda bu yerda ishlab chiqarilayotgan ro‘mollarni bichish va tikish ishlarini muvofiqlashtiradi. Korxona mahsulotlari mamlakatning deyarli barcha savdo nuqtalarida xalqqa taqdim etilmoqda.
Keywords