
Chaqaloqning ilk tishi chiqishi oilaning eng quvonchli lahzalaridan biri hisoblanadi. Mutaxassislar sut tishlarining yorib chiqishi bolaning jag‘ rivojlanishiga, og‘iz bo‘shlig‘i tuzilishiga va nutqiga ta’sir qilishini ta’kidlaydilar. Chaqaloqning tish chiqarish davri qiyin kechsa-da, kulganda ko‘rinadigan 2-3 ta oq tishcha barcha tashvishlarni unuttiradi. O‘tkazilgan so‘nggi ilmiy tadqiqotlarda sut tishlari bolaning jismoniy rivojlanishi va sog‘lig‘i holatini aniqlashga yordam berishi aniqlandi. Bilimlarning fikricha, bola hali ona qornidaligida, ya’ni oltinchi haftada tish ildizlari shakllana boshlaydi. Uchinchi va to‘rtinchi oyda tishlarning qattiq tuzilishini hosil qiluvchi to‘qimalar rivojlanadi. Kamdan-kam hollarda ba’zi bolalar sut tishlariga o‘xshash kichik tuzilmalar bilan ham tug‘ilishi mumkin. “Tug‘ilma tishlar” deb ataladigan bu o‘simtalar sut tishlaridan farq qiladi va ikki oy ichida o‘z-o‘zidan tushib ketadi. So‘ngra ularning o‘rniga doimiy sut tishlari chiqadi.
TISH QACHON CHIQADI?
Bolalarda tish chiqarish odatda 6-9 oylik oralig‘ida boshlanadi. Odatda, birinchi bo‘lib yuqori va pastki old tishlar chiqadi. Ko‘pchilik bolalarda ikki yoshgacha barcha 20 ta sut tishi paydo bo‘ladi. Bu holat hamma bolalarda bir xil emas. Oziqlanish va sog‘liq holatiga ko‘ra, tish chiqarish vaqti har bir bolada turlicha bo‘ladi. Ba’zi bolalar juda erta tish chiqarsa, ba’zilarida tish ancha kech chiqishi mumkin. Masalan, bolalarda 15 oylikdan keyin ham tish chiqishi mumkin.
SUT TISHINING AHAMIYATI
Sut tishlari bolaning nafaqat ovqatlanishi, balki to‘g‘ri gapirishi uchun ham muhimdir. Ayniqsa, old tishlar “t”, “d” kabi ba’zi harflarni to‘g‘ri talaffuz qilishga yordam beradi. Mutaxassislar bolaning to‘g‘ri gapirishi uchun sut tishlarini parvarish qilish kerakligini ta’kidlaydilar. Bolaning tishini yumshoq cho‘tka bilan artish, shakarli mahsulotlar berishdan tiyilish va rezina so‘rg‘ichlardan foydalanishni cheklash sut tishining me’yorida rivojlanishi uchun zarur shartlar hisoblanadi. Sut tishlari 6 yoshdan tusha boshlaydi va o‘rniga doimiy katta tishlar chiqadi. Shu sababli bolalarga 3 yoshidan boshlab tish yuvishni o‘rgatish va odatlantirish lozim.
Keywords