
Turkmanistonning transport infratuzilmasini zamonaviylashtirish va qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘yicha rejalari Yevropa investitsiya bankining (EIB) ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi. Bu haqda EIBning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Olivye Kyueni “Trend” agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Bank mintaqaviy vakolatxonasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bunday tashabbuslar EIBning iqlim o‘zgarishiga chidamli iqtisodiyotlarni rivojlantirishga qaratilgan pozitsiyasini ko‘rsatadi.
Olivye Kyueni amalda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradigan, energiya samaradorligini oshiradigan va toza texnologiyalardan foydalanishni rag‘batlantiradigan loyihalarga ustuvorlik berilib, moliyaviy mablag‘lar ajratilishini ta’kidladi.
U EIB Markaziy Osiyoda “Global Gateway” tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq harakat qilayotganini aytdi. Bu yerda Transkaspiy transport koridori (O‘rta koridor), raqamli bog‘liqlik, toza energetika va suv xo‘jaligi loyihalari, shuningdek, muhim xomashyo resurslari bilan bog‘liq tashabbuslarni rivojlantirish haqida so‘z bormoqda.
Olivye Kyueni Kaspiy dengiziga chiqish yo‘liga ega bo‘lgan Turkmaniston O‘rta koridorning muhim qismi ekanligini qayd etdi. Shuningdek, u temir yo‘l va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish, mavjud ob’ektlarni yangilash hamda portni yanada zamonaviylashtirish mintaqalararo yuk tashish vaqti va xarajatlarini kamaytirishga, natijada savdoning kengayishi va iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishini bildirdi.
Yevropa investitsiya banki, shuningdek, loyihalarning uzoq muddatli barqarorligini baholaydi, boshqaruvning shaffofligiga, ekologik ekspertizaga va manfaatdor tomonlarning ishtirokiga alohida e’tibor qaratadi. Bunday yondashuv ekologik talablarga rioya qilgan holda barqaror iqtisodiy natijalarni ta’minlashga qaratilgan.
Keywords