
2026-yil 25-mart kuni Moskva shahrida joylashgan Rossiya Fanlar akademiyasi (RFA) Prezidiumi binosida “Margiyona madaniyatlar chorrahasida: Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yaqin Sharq hududlarida madaniyatlararo aloqalar – qadimgi davr va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Forum Turkmaniston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan. Bu haqda Turkmaniston TIV veb-saytida xabar berilgan.
Tadbir RFA Etnologiya va antropologiya instituti, RFA Tilshunoslik instituti, RFA Moddiy madaniyat tarixi instituti, Rossiya-Turkmaniston Margiyona arxeologik ekspeditsiyasi, Turkmaniston Madaniyat vazirligi hamda Turkmanistonning Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi tomonidan hamkorlikda tashkil etildi.
Ilmiy forum mavzusi Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yaqin Sharqdagi madaniyatlararo aloqalarga doir keng ko‘lamli masalalarni o‘z ichiga oladi. Bu yo‘nalishda Margiyonaning (qadimgi Marg‘ush yurti) arxeologik va tarixiy-madaniy merosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Gibrid formatda o‘tkazilayotgan konferensiya ilmiy hamjamiyat vakillarini — Turkmaniston, Rossiya, Armaniston, Belgiya, Germaniya, Italiya va Fransiya olimlari, ekspertlari, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarini bir joyga jamladi.
Shuningdek, konferensiyada Rossiya Federatsiyasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar vakillari, Turkmanistonning Rossiyadagi Elchixonasi xodimlari, Rossiya oliygohlarida tahsil olayotgan turkman talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Ilmiy konferensiyada ishtirok etish uchun Turkmaniston Tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, o‘rganish va restavratsiya qilish milliy boshqarmasi, Turkmaniston Madaniyat vazirligi Nomoddiy madaniy meros boshqarmasi hamda “Qadimgi Marv” davlat tarixiy-madaniy qo‘riqxonasi vakillaridan iborat Turkmaniston delegatsiyasi Rossiya poytaxtiga tashrif buyurdi.
Ilmiy uchrashuv oldidan ishtirokchilar Turkmanistonning boy tarixiy-madaniy merosini, turkman xalqining qadimiy urf-odatlari va o‘ziga xosligini aks ettiruvchi ko‘rgazma bilan tanishdilar.
Turkmanistonning Rossiyadagi Elchixonasi maslahatchisi S. Durdiyev, RFA Etnologiya va antropologiya instituti direktori A. Zagrebin, RFA Tilshunoslik instituti direktori o‘rinbosari A. Sidelsev hamda RFA Moddiy madaniy meros instituti direktori A. Polyakov tabrik so‘zi bilan chiqish qildilar.
Uchrashuv o‘ziga xos yodgorliklari va arxeologlarning hayratlanarli kashfiyotlari bilan tanilgan, shu bilan birga hali ham o‘z sirlarini to‘liq ochmagan Sharqning buyuk sivilizatsiyasi — Margiyonaga bag‘ishlangan munozaralar bilan davom etdi.
Qadimgi Marg‘ushning poytaxti Go‘nur-depe hamda jahon hamjamiyati uchun muhim bo‘lgan ilmiy kashfiyotlar haqida alohida ma’ruzalar tinglandi. Ta’kidlanganidek, mashhur arxeolog Viktor Sarianidi 1972-yilda turkman hamkasblari bilan birgalikda Go‘nur-depeni kashf etgan va bu yerda qazishma ishlarini boshlagan edi.
26-mart kuni ilmiy forum o‘z ishini sho‘ba majlislarida davom ettiradi.
Keywords