
2026-yil 30-mart kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mahri Bashimova hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning Turkmanistondagi vakili Jalpa Ratna o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston TIV veb-saytida xabar berilgan.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini, jumladan, ta’lim, ijtimoiy himoya va barqaror rivojlanish sohalarida qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishini muhokama qildilar.
YUNISEFning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Turkmaniston uchun mamlakat dasturidan kelib chiqadigan vazifalarni birgalikda hayotga tatbiq etishga alohida ahamiyat berildi.
Tomonlar maktabgacha ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdilar.
Shuningdek, ijtimoiy ish tizimini rivojlantirishga doir masalalar, xususan, mutaxassislar tayyorlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
2026–2030-yillar uchun bolalarning erta rivojlanishi bo‘yicha Milliy strategiyani qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, inklyuziv ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish hamda bolalar himoyasi va bolalar odil sudlovi bo‘yicha Milliy dasturni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Keywords