
Yevropa investitsiya banki (YIB) Turkmanistonda ish boshlashning asosiy sharti sifatida mamlakat bilan Hadli bitim tuzilishini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bankning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Olivye Kyueni “Trend” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Olivye Kyueni bank Turkmanistonda ish boshlashi bilan barqaror transport, raqamli texnologiyalar tizimlari hamda ekologik va ijtimoiy standartlarga muvofiq keladigan tashabbuslar bo‘yicha loyihalarga ustuvorlik berilishini aytdi. Bunday yondashuv infratuzilma investitsiyalari hisobiga uzoq muddatli barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, Yevropa investitsiya banki Kaspiyorti transport koridorining muvofiqlashtiruvchi platformasida ishtirok etmoqda hamda transchegaraviy transport va raqamlashtirish bo‘yicha loyihalarni ilgari surish maqsadida xalqaro sheriklar bilan hamkorlik qilmoqda. Ushbu tashabbuslar mintaqalararo integratsiyani mustahkamlash va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Yevropa investitsiya banki — 1958-yilda Lyuksemburgda tashkil etilgan Yevropa Ittifoqining asosiy davlat kredit tashkilotidir. Bank infratuzilma, ekologiya, energetika va raqamlashtirish yo‘nalishlarida rivojlanishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtiradi.
Keywords