
Fransuz jurnalisti Fransua Galyardo ijtimoiy tarmoqlar orqali kelasi yozdan boshlab Yurgen Klopp Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi lavozimiga o‘tishini ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, ushbu qaror dekabr oyidayoq qabul qilingan va tomonlar o‘rtasida shartnoma imzolangan. Bunda jamoaning amaldagi murabbiyi Arbeloaning biron bir kubok yutishi yoki yutmasligi hech qanday ahamiyatga ega emasligi ta’kidlanmoqda.
Avvalroq matbuotda Madrid klubining nemis mutaxassisiga bo‘lgan qiziqishi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Shuningdek, Kloppning kelajagi Madridning “Atletiko” klubi bilan ham bog‘lanayotgan edi.
Nemis mutaxassisi “Liverpul”dan ketganidan so‘ng murabbiylik faoliyatida tanaffus e’lon qilgan edi. Yurgen Klopp “Liverpul” tarkibida to‘qqiz yil (2015-yil oktabrdan 2024-yil yanvargacha) ishladi. Ushbu davr mobaynida “Liverpul” uch marta: 2018, 2019 va 2022-yillarda UEFA Chempionlar ligasi finaliga chiqdi. 2018/2019-yilgi futbol mavsumida Klopp jamoasi Premyer-ligada 97 ochko to‘plab, ikkinchi o‘rinni egalladi — bu Angliya yuqori divizioni tarixidagi uchinchi eng yuqori ko‘rsatkich, shuningdek, chempionlikka erisha olmagan jamoalar uchun tarixdagi eng yaxshi natija bo‘lgan edi.
Keywords