16-sentabr kuni Seul shahrida «Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo» formatidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tadi. Yuqori darajadagi uchrashuvda muhim minerallar, energetika va global ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
«Yonhap» axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, sammitda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari ishtirok etadi.
Janubiy Koreya Prezident devoni ma’lumotiga ko‘ra, Seul Markaziy Osiyo mamlakatlarining boy mineral va energetika resurslarini Janubiy Koreyaning qidiruv, o‘zlashtirish va qayta ishlash sohasidagi tajribasi bilan uyg‘unlashtirish orqali xalqaro ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilishga ko‘maklashishni maqsad qilmoqda.
Shuningdek, Janubiy Koreya Markaziy Osiyo mamlakatlarining infratuzilma va sanoat uskunalariga bo‘lgan o‘ziga xos ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu Janubiy Koreya kompaniyalarining mintaqadagi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun imkoniyat yaratishi kutilmoqda.
Sammit Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilk ko‘p tomonlama uchrashuvi bo‘ladi. Seul kelgusida mintaqa bilan hamkorlik doirasini resurslar va infratuzilma bilan cheklab qolmasdan, sun’iy intellekt, fan va texnologiyalar, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash kabi ilg‘or yo‘nalishlarni ham qamrab olishini ko‘zda tutmoqda.
Uchrashuvning o‘tkazilishi bilan Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmini vazirliklar darajasidan davlat rahbarlari darajasiga olib chiqish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, uzoq muddatli hamkorlik uchun zamin yaratish maqsadida «Seul deklaratsiyasi» qabul qilinishi kutilmoqda.
Sammit arafasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon 14-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti bilan, 15-sentabr kuni Turkmaniston va Qozog‘iston rahbarlari bilan, 16-sentabr kuni esa Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Sammitdan so‘ng Koreya Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari bilan birgalikda biznes uchrashuvida ishtirok etadi. Unda Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
Birinchi «Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo» sammiti mintaqa va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim diplomatik tadbir sifatida baholanmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.