Har yili 31-oktabr kuni Butunjahon shaharlar kuni nishonlanadi. Ushbu sana urbanizatsiya jarayonining ahamiyati, shaharlarning rivojlanishi va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash masalalariga e’tibor qaratishga xizmat qiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Jahon urbanizatsiyasi istiqbollari» hisobotida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 8,2 milliarddan ortig‘idan 45 foizi shaharlarda, 36 foizi kichik shaharlar va shahar atrofi hududlarida istiqomat qiladi. Qishloq aholisi esa umumiy aholining 19 foizini tashkil etadi. Dunyoda jami qariyb 48 mingta shahar mavjudligi qayd etilgan.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1800-yillarda dunyo aholisining 90 foizidan ortig‘i qishloq joylarda yashagan. XIX asrda sanoatlashuv jarayonining boshlanishi bilan odamlarning ish va yashash imkoniyatlarini izlab shaharlarga ko‘chishi yanada kuchaygan. O‘shandan buyon urbanizatsiya dunyo taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim jarayonlardan biriga aylangan.

Ma’lumotlarda shaharlar soni bo‘yicha Braziliya yetakchilik qilishi, mamlakatda 346 ta shahar borligi ko‘rsatilgan. Aholi soni jihatidan esa Tokio (37 million), Dehli (28 million), Mexiko (21 million) va Qohira (20 million) dunyoning yirik shaharlari qatoriga kiradi. AQShning aholisi eng ko‘p shahri bo‘lgan Nyu-Yorkda 8,6 million kishi yashaydi.

Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib shaharlarda yashovchi aholi soni hozirgi ko‘rsatkichlarga nisbatan ikki baravar ko‘payishi mumkin. Bu holat shaharlarning barqaror rivojlanishini ta’minlash, yashash sharoitlarini yaxshilash va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish masalalarining ahamiyatini yanada oshiradi.