Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Flydubai aviakompaniyasi uchuvchilarini samolyotni egallab olishga urinish vaqtida ko‘rsatgan jasorati uchun birinchi darajali Zoid II ordeni bilan taqdirladi.
TASS agentligining Dubay hukumati matbuot xizmati tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanib xabar berishicha, davlat mukofotini Dubay valiahd shahzodasi Hamdan bin Muhammad Ol Maktum topshirdi. U uchuvchilarning harakatlarini yuksak mas’uliyat va kasbiy burchga sadoqat namunasi sifatida baholadi.
Voqea 30-sentabr kuni Dubaydan Tel-Avivga yo‘l olgan Flydubai aviakompaniyasi samolyotida sodir bo‘ldi. Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sababli havo kemasi Saudiya Arabistonining Tabuk shahridagi aeroportga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.
Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligining 1-oktabr kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, samolyotning ikkinchi uchuvchisi bosh uchuvchiga hujum qilgan. Natijada ekipajning har ikki a’zosi ham tan jarohati olgan.
Ayni paytda Birlashgan Arab Amirliklarining tegishli idoralari hodisaning sabablari va barcha tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha tergov ishlarini davom ettirmoqda.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.