Turkmanistonning Ahal, Bolqon va Mary viloyatlarida temiryoʻl stansiyalarining zamonaviy binolari quriladi. Bu haqda raqamli tizim orqali oʻtkazilgan Hukumat yigʻilishida bosh vazir oʻrinbosari B. Annayev temir yoʻl transporti sohasini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan qilingan hisobotida maʼlum qildi. «Watan» axborot dasturida xabar berilishicha, Turkmanistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish doirasida viloyatlarda temir yoʻl stansiyalarining zamonaviy binolarini barpo etish koʻzda tutilgan boʻlib, hozirgi vaqtda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu oʻz navbatida temir yoʻl transporti tarmogʻi faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, soha xodimlari uchun zamonaviy va qulay mehnat sharoitlarini yaratishga yordam beradi. Shu munosabat bilan bosh vazir oʻrinbosari davlat rahbari koʻrib chiqishi uchun tegishli takliflarni taqdim etdi. Turkmaniston Prezidenti hisobotni tinglab, mamlakatda temir yoʻl transporti sohasini zamonaviy bosqichga olib chiqish boʻyicha samarali ishlar olib borilayotganini taʼkidladi. Davlat rahbari Ahal, Bolqon va Mary viloyatlarida temir yoʻl stansiyalarining zamonaviy binolarini qurish boʻyicha tayyorlangan takliflarni maʼqullab, bosh vazir oʻrinbosariga tegishli ishlarni amalga oshirishni topshirdi.