2026-yil 21–23-oktabr kunlari Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan «Turkmaniston nefti va gazi — OGT 2026» xalqaro konferensiyasi va ko‘rgazmasi mehmonlari orasida Ali ismli odam qiyofasidagi robot ham bo‘ladi. Bu haqda forum tashkilotchilari «Turkmen Energy Forum» tashkilotining Instagram sahifasida ma’lum qilishdi.
Tashkilotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlariga Xitoyning «Unitree Robotics» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Unitree G1 rusumli robot taqdim etiladi.
Tadbir davomida Ali ismli robot mehmonlar bilan uchrashadi. Ishtirokchilar uning imkoniyatlari bilan tanishib, odam qiyofasidagi robotlarning rivojlanishi, zamonaviy robototexnika texnologiyalari hamda insonlarning aqlli mashinalar bilan o‘zaro munosabati haqida tasavvurga ega bo‘lishlari mumkin.
Unitree G1 qanday robot?
Unitree G1 — ikki oyoqda harakatlanadigan odam qiyofasidagi robot. U yurish, muvozanatini saqlash, qo‘llari va barmoqlarini harakatlantirish kabi amallarni bajara oladi. Robotning bo‘yi taxminan 132 santimetr, vazni esa qariyb 35 kilogrammni tashkil etadi.
Bunday turdagi robotlardan sun’iy intellekt, robototexnika va avtomatlashtirish texnologiyalarini rivojlantirish, shuningdek, ularning amaliy imkoniyatlarini o‘rganish uchun foydalaniladi.
Ali ismli robotning OGT 2026 xalqaro forumida namoyish etilishi tadbir doirasida nafaqat neft-gaz sohasidagi hamkorlikka, balki innovatsion texnologiyalar va zamonaviy ilmiy ishlanmalarga ham e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.