Turkmaniston Davlat madaniyat markazining Davlat muzeyida AQSHdan kelgan olim Daniel Vays bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U muzeylar va ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari uchun muzey boyliklarini raqamli formatga o‘tkazish hamda hujjatlashtirish bo‘yicha malaka oshirish kurslarini o‘tkazish maqsadida Turkmanistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Davlat muzeyining rasmiy saytida xabar berildi.

Uchrashuv davomida Daniel Vays «Axborot va raqamlashtirish» mavzusida taqdimot qildi. U o‘z tajribasidan misollar keltirib, muzey boyliklarini raqamli formatga o‘tkazishning ahamiyati, ushbu yo‘nalishda qo‘llaniladigan usullar va ularning tarixiy merosni asrab-avaylashdagi o‘rni haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvdan avval amerikalik mutaxassis Davlat muzeyida saqlanayotgan tarixiy va arxeologik eksponatlar bilan tanishdi. U muzey ekspozitsiyalarida namoyish etilayotgan arxeologik topilmalarning ilmiy jihatdan katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ko‘rgazmalarda xaritalar, fotosuratlar va axborot materiallaridan o‘rinli hamda professional darajada foydalanilayotganini qayd etib, bu eksponatlarning ahamiyatini yanada yaxshiroq ochib berishini bildirdi.

Daniel Vays Turkmanistonga AQSH hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan Fulbrayt grant dasturi ko‘magida keldi. Tashrif davomida u mamlakatning tarixiy-madaniy yodgorliklarini ham ziyorat qilishni rejalashtirmoqda.

Muzey mutaxassislari uchun tashkil etilayotgan o‘quv kurslari madaniy merosni zamonaviy usullar yordamida hujjatlashtirish, muzey boyliklari haqidagi ma’lumotlarni raqamli shaklda saqlash va ularning kelajak avlodlar uchun ochiqligini oshirishga xizmat qiladi.