«Apple» kompaniyasi korporatsiyaning yangi bosh direktori etib tayinlanganini rasman e'lon qildi. Kompaniyaning yangi rahbari Jon Ternus bu lavozimda 2011-yildan beri «Apple»ga rahbarlik qilib kelgan Tim Kukning o‘rnini egalladi.
Jon Ternus «Apple» kompaniyasida 2001-yildan buyon mehnat qilib kelmoqda. U bosh direktor lavozimiga tayinlanishidan oldin uskunalarni ta'minlash (apparat ta'minoti) bo‘yicha katta vitse-prezident bo‘lib ishlagan. O‘sha davrda Ternus iPhone, iPad, Mac, Apple Watch va AirPods kabi kompaniyaning asosiy mahsulotlarini ishlab chiqish ishlariga rahbarlik qilgan.
Yangi bosh direktor Pensilvaniya universitetida mashinasozlik mutaxassisligi bo‘yicha ta'lim olgan. Uning ko‘p yillar davomida kompaniyaning ishlab chiqarish va texnologiya yo‘nalishlaridagi ishlarda qatnashgani «Apple» boshqaruvidagi yangi bosqich uchun muhim tajriba sifatida ko‘rsatilmoqda.
Tim Kuk esa kompaniyadan to‘liq ketmayapti. U «Apple» direktorlar kengashining ijrochi raisi lavozimida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Shuningdek, uning kompaniyaning ayrim muhim yo‘nalishlarida, jumladan, turli mamlakatlar davlat va siyosiy rahbarlari bilan munosabatlarida qatnashishi kutilmoqda.
Kuk 2011-yilda kompaniya asoschisi Stiv Jobsning o‘rniga bosh direktor bo‘lib kelgandi. U rahbarlik qilgan yillarda «Apple»ning bozor kapitallashuvi sezilarli darajada oshdi va kompaniya dunyoning eng qimmatbaho texnologiya kompaniyalaridan biriga aylandi.
Jon Ternus rahbarligidagi yangi davrda «Apple»ning sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga ko‘proq e'tibor qaratishi kutilmoqda. Kompaniya bu yo‘nalishda OpenAI va Anthropic kabi yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan raqobat qilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, yangi rahbar «Apple»ning sun'iy intellekt imkoniyatlarini rivojlantirish bilan bir qatorda kompaniya mahsulot dizayni va strategik qarorlariga ham alohida e'tibor qaratishi mumkin.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.