Tabiatda o‘zidan bir necha barobar katta yirtqichlarga qarshi chiqishdan qo‘rqmaydigan jonzotlar mavjud. Shulardan biri asalxo‘rdir. Ilmiy jihatdan Mellivora capensis deb ataladigan bu sutemizuvchi o‘zining chidamliligi, qo‘rqmasligi va himoya xususiyatlari bilan hayvonot olamida alohida o‘rin egallaydi.
Asalxo‘r asosan Afrikada, Janubi-G‘arbiy Osiyoda va Hindiston yarim orolida uchraydi. U Ginnessning rekordlar kitobiga dunyoning eng qo‘rqmas jonzotlaridan biri sifatida kiritilgan.
Tashqi ko‘rinishi bo‘yicha asalxo‘r odatdagi porsuqqa o‘xshaydi. U porsuqlar oilasining eng kichik turlaridan biridir. Tanasining uzunligi 55–77 santimetrga, dumining uzunligi esa 12–30 santimetrga yetadi. Og‘irligi taxminan 9 kilogrammgacha bo‘lishi mumkin. Tanasining yuqori qismi, odatda, qora rangda, peshonasidan dumigacha cho‘zilib ketgan qismi esa och rangli bo‘ladi.
Asalxo‘rning asosiy xususiyatlaridan biri uning qalin terisidir. Kuchli tishlari va o‘tkir tirnoqlari bilan birgalikda bu xususiyat unga turli xavflardan himoyalanish imkonini beradi. Asalari chaqishi yoki ba'zi yirtqichlarning tishlashi unga boshqa hayvonlardagidek og‘ir ta'sir qilmasligi mumkin. Hatto ba'zi ilonlarning zahariga qarshi ham yuqori chidamliligi bilan ajralib turadi.
Bu jonzotning tanasi uzun, oyoqlari esa qisqa bo‘lishi uning chaqqon harakat qilishiga yordam beradi. Yirtqich tomonidan ushlanganda, asalxo‘r tanasining terisini bo‘shashtirib, turli tomonga burilish orqali tutqichdan qutulishga harakat qiladi.
Asalxo‘rlar o‘z hududlarini belgilashda ham o‘ziga xos usuldan foydalanadilar. Ular xavf tug‘ilganda yoki yashash joylarini himoya qilish uchun yoqimsiz hidli suyuqlik chiqarib yuborishlari mumkin.
Bu jonzotlar yer qazishda ham juda mohirdir. Uzun va kuchli tirnoqlari yordamida yer tagida inlar qazib, o‘shayerlarda yashaydilar. Ular faqat yumshoq tuproqda emas, balki qattiq yerlarda ham qazish ishlarini olib borishga qodirdir.
Asalxo‘rning qo‘rqmasligi uning o‘zidan yirik jonzotlar bilan yuzma-yuz kelganda ham orqaga chekinmasligida namoyon bo‘ladi. Ilon, sirtlon, qoplon yoki boshqa xavfli hayvon bilan duch kelganda, u ko‘pincha qochishdan yoki yashirinishdan ko‘ra o‘zini himoya qilishga intiladi.
Shunday xususiyatlari tufayli asalxo‘r hayvonot olamida chidamliligi va jasurligi bilan ajralib turadigan jonzotlardan biri sifatida tanilgan.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.