Ashxobod shahrida autistik spektr buzilishlari bo‘lgan bolalar va ularning oilalari uchun inklyuziv xizmatlar tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir 1–5-sentabr kunlari Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) bilan hamkorligi doirasida tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlarini Sankt-Peterburg Erta aralashuv institutining mutaxassisi, YUNISEF eksperti Yuliya Rusanova olib bordi. Seminarda Turkmaniston Ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash va derman sanoati vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli mutaxassislari qatnashdilar.
Tadbir mamlakatimizda autistik spektr buzilishlari bo‘lgan bolalarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sinov loyihasi doirasida o‘tkazildi. O‘quv jarayonida turli soha mutaxassislarining hamkorlikda ishlash muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish maqsadida mashg‘ulotlarning bir qismi Ashxobod shahridagi 111-sonli bolalar bog‘chasida o‘tkazildi. Bu yerda sinov loyihasining birinchi bosqichida bajarilgan ishlar tahlil qilinib, bolalar va ularning oilalari bilan ishlashda idoralararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘quv davomida mutaxassislarga bolaning ilk rivojlanish davrida autistik spektr buzilishlari alomatlarini erta aniqlash usullari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, oilalarga ko‘maklashish, bolaning o‘ziga xos ehtiyojlarini hisobga olish va yordamni tizimli tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ulashildi.
Ishtirokchilar o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari kasbiy tajribani boyitishda muhimligini ta’kidlab, autizmli bolalar uchun ilk davrdan boshlab samarali yordam ko‘rsatish xizmatlarini yo‘lga qo‘yishda idoralararo hamkorlik muhim o‘rin tutishini qayd etdilar.
Mazkur seminar Turkmanistonning davlat idoralari va xalqaro hamkorlar o‘rtasida tajriba almashish, bolalar rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda inklyuziv xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.