Ashxobodda Butunjahon bojxona tashkilotining (BBT) raqamlashtirish, sun’iy intellekt va xavflarni boshqarishning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan xalqaro seminari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv BBTning Ashxoboddagi Mintaqaviy o‘quv markazida gibrid shaklda tashkil etildi.
Seminarda Turkmaniston Davlat bojxona xizmati rahbarlari va mutaxassislari, BBTning Yevropa mintaqasidagi o‘quv markazlari vakillari, Ozarbayjon mutaxassislari hamda BBT Kotibiyati ekspertlari ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy mavzularidan biri «Aqlli bojxona» (Smart Customs) tashabbusi bo‘ldi. BBT Kotibiyati ekspertlari Dimitris Politopulos va doktor Tong Hua chegara jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha xalqaro standartlar yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Seminarning asosiy ma’ruzachisi, Ozarbayjon Davlat bojxona qo‘mitasi vakili Yusuf Usмubov xavflarni avtomatik aniqlash va bojxona deklaratsiyalarini tahlil qilishda mashinali o‘rganish algoritmlari hamda neyron tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Turkmaniston bojxona mutaxassislari ham raqamli tizimlarni rivojlantirish va bojxona faoliyatiga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha milliy tajribalarini taqdim etdilar. Ishtirokchilar Turkmaniston Davlat bojxona xizmatining Monitoring va tahlil markaziga tashrif buyurib, yuk oqimlarini real vaqt rejimida nazorat qiluvchi raqamli monitoring majmualari faoliyati bilan tanishdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha BBTning Yevropa mintaqasi bilan hamkorlik doirasida mutaxassislarning malakasini oshirish va qo‘shma texnologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi.
Xalqaro seminar bojxona nazoratini modernizatsiya qilishda sun’iy intellekt, ma’lumotlardan kompleks foydalanish va «Aqlli bojxona» yechimlarining ahamiyatini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.