Ashxobod shahrida Kaspiy dengizining barqaror rivojlanishi va samarali boshqarilishiga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv seminari o‘z ishini boshladi.
«Archabil» mehmonxonasida o‘tkazilayotgan «Kaspiy dengizi — barqaror rivojlanish va boshqaruv» nomli 11-Xalqaro o‘quv seminari Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi, Kaspiy dengizi instituti va Xalqaro Okean instituti tomonidan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Turkmaniston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quv seminarining ochilish marosimida BMTning Turkmanistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sýaoszýun Greýs Wan, Xalqaro Okean institutining ijrochi direktori Antonella Wassallo, o‘quv seminarining direktori doktor Parwin Farşçi, dengiz makonini rejalashtirish bo‘yicha mutaxassis doktor Andreý Abramiç hamda Turkmaniston Kaspiy dengizi institutining direktori Myrat Atajanow qatnashdilar.
Tadbirda mazkur xalqaro seminar Kaspiybo‘yi davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda, shuningdek, Kaspiy dengizi resurslaridan barqaror foydalanish va uning ekologiyasini muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislarning bilimlarini oshirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Xalqaro o‘quv seminari Turkmanistonda 2013-yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarida xalqaro dengiz huquqi, Kaspiy dengizining ekologik holati, dengiz hududlarini boshqarish va suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi yo‘nalishlar muhokama qilinadi.
Tadbirda Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2026-yil 24-iyulda qabul qilingan 2028-yilni «Xalqaro huquq yili» deb e’lon qilish haqidagi Rezolyusiyaning ahamiyatiga ham e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilgi o‘quv seminarida asosiy e’tibor Kaspiy dengizining hozirgi ekologik holatiga, xususan, dengiz suvi darajasining pasayishi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganishga qaratilmoqda.
11-Xalqaro o‘quv seminarining ishlari 18-sentabrgacha davom etadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.