17–18-sentabr kunlari Markaziy Osiyo Universitetida Amudaryo va Sirdaryoning suv resurslari kelajagi, mintaqada suv xavfsizligini ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishining suv manbalariga ta’siriga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkaziladi.

Xalqaro tadbirda uch qit’a mamlakatlaridan olimlar, ijodiy jamoatchilik vakillari va mahalliy aholi ishtirok etadi. Simpozium davomida Markaziy Osiyo suv resurslarining hozirgi holati va kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlari bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilinadi.

Alohida majlis Amudaryo va Sirdaryo oqimlarini hosil qiluvchi asosiy suv manbalari — mintaqadagi muzliklar, qor qoplami va yog‘inlarga bag‘ishlanadi. Markaziy Osiyo Universitetining Tog‘ jamoalarini o‘rganish instituti katta ilmiy xodimi Arno Kayzerman ikki yirik daryo havzasining kelajagi bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalarini taqdim etadi.

Tadbir davomida havo haroratining ko‘tarilishi, muzliklar va mangu muzliklarning erishi, qor erish muddatlarining o‘zgarishi, shuningdek, yog‘inning qor ko‘rinishidan yomg‘ir ko‘rinishiga o‘tishining daryolar suv oqimiga yetkazishi mumkin bo‘lgan ta’sirlari tahlil qilinadi.

Simpoziumning ilk kuni tadbirlar yuzma-yuz va onlayn shaklda o‘tkaziladi. Ikkinchi kuni esa daryolar holatiga jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qo‘shma ekologik tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar va onlayn maslahat tashkil etiladi.

Simpozium dasturi va tadbirda onlayn qatnashish uchun tegishli havolalar Markaziy Osiyo Universitetining rasmiy veb-saytida joylashtirildi.