2-sentabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston va Ozarbayjon Respublikasi tashqi siyosat idoralari konsullik xizmatlari rahbarlari ishtirokida ikki tomonlama konsullik maslahatlashuvlari o‘tkazildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi konsullik hamkorligining hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki davlat fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, migratsiya, huquq va huquqni muhofaza qilish yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Maslahatlashuvlar davomida qo‘shfuqarolik bilan bog‘liq vaziyatlarning oldini olish, Ozarbayjon oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan Turkmaniston fuqarolarining ahvoli hamda ikki mamlakat tegishli davlat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar samaradorligini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Tomonlar migratsiya xizmatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, bu borada tajriba almashishni davom ettirish bo‘yicha imkoniyatlarni ham muhokama qildilar.

Maslahatlashuvlar yakuni bo‘yicha Turkmaniston va Ozarbayjon vakillari konsullik maslahatlashuvlari Bayonnomasini imzoladilar. Hujjatda o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari va konsullik munosabatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar o‘z aksini topdi.