Qozog‘iston poytaxti Astana shahrida elektr transport vositalari uchun avtonom quyosh energiyasida ishlaydigan quvvatlash stansiyasi foydalanishga topshirildi. Ishlab chiquvchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu obyekt Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida (MDH) shu turdagi ilk inshoot hisoblanadi.
Qozog‘istonning «Report» agentligi xabar berishicha, bu haqda mamlakat Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi ma’lum qildi.
«Alatau» sport majmuasi hududida joylashgan stansiyaning asosiy xususiyati uning shahar elektr tarmog‘iga bog‘lanmagan holda, off-grid tamoyili asosida ishlashidir. Loyiha Qozog‘istonning «BOLASHAQ POWER» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Majmua tarkibiga quvvati 100 kVt bo‘lgan quyosh energetikasi tizimi va umumiy sig‘imi 645 kVt·soat bo‘lgan energiya yig‘ish qurilmalari kiradi. Shuningdek, mazkur obyekt Qozog‘istonning «Yashil taksonomiyasi» talablariga javob beradi.
Loyiha taqdimoti marosimida shunday avtonom quvvatlash stansiyasi tizimlarini mamlakatning muhim avtomobil yo‘llari bo‘ylarida, shaharlarda, sanoat korxonalarida va boshqa infratuzilma obyektlarida joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat elektromobillar uchun bunday yechimlardan foydalanishni hududlarda yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Hozirgi kunda Qozog‘istonda 642 ta elektromobillarni quvvatlash stansiyasi ishlamoqda. Yaqin vaqt ichida ularning sonini ikki baravarga yaqin oshirish ko‘zda tutilgan.
Quyosh energiyasida ishlaydigan avtonom quvvatlash stansiyasi Markaziy Osiyoda elektromobillar infratuzilmasini rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish borasida innovatsion yechimlar joriy etilayotganini ko‘rsatadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.