Avstraliyalik havaskor xazina izlovchi Tibuburra shaharchasi yaqinidan og‘irligi 1,2 kilogramm bo‘lgan oltin bo‘lagini topdi. Bu haqda «MIR 24» nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oltin izlovchi bir necha kun davomida ushbu hududda metall qidirish moslamasi yordamida izlanish olib borgan. Bir safar qurilma past ovozli signal bera boshlagan. Dastlab u unchalik katta bo‘lmagan metall buyum topilgan deb o‘ylagan. Biroq tuproqni qazish davomida qurilma signallari tobora balandroq va tez-tez eshitila boshlagan. Natijada u kvars bilan aralash holda yotgan yirik oltin bo‘lagini topgan.
Topilmaning umumiy og‘irligi 1,2 kilogrammni tashkil etadi, shundan 940 grammi sof oltindir. Qolgan qismini esa kvars tashkil qiladi. Xazina izlovchi ushbu topilmasiga «Tibuburra kartoshkasi» deb nom bergan.
Mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, oltin bo‘lagining bozor qiymati 150–160 ming Avstraliya dollariga teng bo‘lishi mumkin. Biroq topilma egasi kolleksionerlar uni 200 ming dollargacha baholashiga ishonmoqda.
Ushbu topilma Avstraliyada oltin qidirish ishlari davomida aniqlangan yirik oltin bo‘laklaridan biri sifatida e’tiborni tortmoqda.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.