2026-yilning 1-sentyabr kuni Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtadi. Shu kuni «ShHT+» formatida yuqori darajadagi uchrashuvning oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.

Uchrashuvlarga Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov raislik qilishi kutilmoqda. Sammitda ShHTga aʼzo mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, taklif etilgan davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning vakillari qatnashadi.

Sammit doirasida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Prezidenti Masud Pezeshkiyon, Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kabi yuqori martabali vakillarning qatnashishi kutilmoqda.

Shuningdek, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vazir Nikol Pashinyan, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Togo Vazirlar Kengashi raisi For Essosimna Gnassingbe, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan, Laos Prezidenti Thonglun Sisulit, Vetnam vitse-prezidenti Vo Thi An Suan va Misr bosh vazir oʻrinbosari Husayn Isoning uchrashuvda qatnashishi kutilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar orasida ShHT Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedevning ham sammitda qatnashishi kutilmoqda.

Uchrashuvlarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining muhim masalalari bilan bir qatorda ShHTning kelgusidagi rivojlanish yoʻnalishlari muhokama qilinadi. Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, raqamli texnologiyalar, ekologiya va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.

Sammit yakunlari boʻyicha ShHTning 25 yilligiga bagʻishlangan Bishkek Deklaratsiyasining qabul qilinishi, shuningdek, Tashkilot faoliyatini takomillashtirishga va koʻp tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator hujjatlar hamda qarorlarga imzo chekilishi kutilmoqda.

«ShHT+» formatidagi yuqori darajadagi uchrashuvda esa ishtirokchilar BMT va xalqaro huquqning xalqaro munosabatlardagi markaziy oʻrnini mustahkamlash, barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro manfaatli hamkorlik koʻlamini kengaytirish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashadilar.

Bishkekda oʻtkaziladigan sammit Qirgʻizistonning 2025–2026-yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotida raislik qilishining yakunlovchi muhim tadbirlaridan biri boʻladi. Qirgʻizistonning raisligi «ShHTning 25 yili: birgalikda barqaror tinchlik, taraqqiyot va gullab-yashnash sari» degan shior ostida olib borilmoqda.