Google kompaniyasining Google Pay raqamli to‘lov xizmati O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun ham mavjud bo‘ladi. Bu haqda Google Cloud kompaniyasining davlat siyosati va davlat idoralari bilan hamkorlik bo‘yicha rahbari Marsin Krasuski Samarqandda bo‘lib o‘tgan raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan panel muhokamasida ma’lum qildi. Tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi “C5+1” uchrashuvlari doirasida tashkil etildi.
Google Pay xizmati foydalanuvchilarga smartfon yoki aqlli soat orqali tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Buning uchun qo‘llab-quvvatlanadigan bank kartasini Google Wallet ilovasiga qo‘shish va qurilmani savdo nuqtasidagi kontaktsiz to‘lov terminaliga yaqinlashtirish kifoya.
Hozircha xizmat ishga tushirilganda O‘zbekistonning qaysi banklari kartalari qo‘llab-quvvatlanishi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
O‘zbekiston Markaziy banki avvalroq Google Pay va Apple Pay to‘lov xizmatlarini mamlakatning HUMO va UZCARD to‘lov tizimlari bilan texnik jihatdan integratsiya qilish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
Google Pay xizmatining ishga tushirilishi O‘zbekistonda raqamli to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish va naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.