O‘zbekiston va AQSh ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoning yaxlit mintaqa sifatidagi salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Samarqandda o‘tkazilayotgan «C5+1» formatidagi vazirlar darajasidagi uchrashuvning ochilishida ma’lum qildi.
Baxtiyor Saidov O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurayotgan AQSh Davlat kotibi Marko Rubioni samimiy kutib oldi va u boshchiligidagi delegatsiyaning ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi faoliyatiga yuqori baho berdi.
Vazir AQSh Prezidenti Donald Tramp Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratayotganini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSh prezidentlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Samarqand shahrining uchrashuv o‘tkaziladigan joy sifatida tanlangani alohida ahamiyatga ega. 2015-yilda ham aynan shu shaharda «C5+1» formatidagi ilk vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. O‘shandan buyon hamkorlik kun tartibi kengayib, o‘zaro aloqalar mexanizmlari takomillashtirildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik mustahkamlandi va ularning o‘z kelajagini mustaqil belgilash imkoniyatlari kengaydi.
Baxtiyor Saidov Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki ularning xalqaro hamkorlari uchun ham muhim ekanini ta’kidladi. «Kuchli, barqaror va farovon Markaziy Osiyo barcha davlatlarimiz va xalqaro hamkorlarimiz manfaatlariga mos keladi», — dedi u.
Vazirning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston «C5+1» formati Kotibiyatida hamraislik vazifasini o‘z zimmasiga olmoqda. Mamlakat avval erishilgan natijalarni rivojlantirish, hamkorlikning uzluksizligini ta’minlash va erishilgan kelishuvlarning amalda bajarilishiga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Uchrashuvda Samarqand shahrining tarixiy o‘rniga ham e’tibor qaratildi. Asrlar davomida xalqlar, savdo yo‘llari, bilimlar va g‘oyalar chorrahasi bo‘lib kelgan bu shahar bugungi kunda ham xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Samarqandda o‘tkazilayotgan «C5+1» uchrashuvi Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi siyosiy muloqot hamda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish imkonini bermoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.