AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) uzoq kutilgan Boeing 737 MAX 10 yo‘lovchi samolyotidan foydalanish uchun yakuniy ruxsat berdi. Ushbu qaror Amerikaning Boeing samolyotsozlik kompaniyasiga 737 MAX oilasidagi eng ko‘p yo‘lovchi sig‘dira oladigan modelni mijozlarga yetkazib berish imkonini yaratadi.

Boeing kompaniyasi MAX 10 modeli daromadlarning oshishiga va so‘nggi yillarda yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklardan keyin kompaniyaning tiklanish jarayonini davom ettirishga muhim hissa qo‘shishiga umid qilmoqda. Samolyotni bozorga chiqarish muddatlari avval bir necha bor kechiktirilgan edi.

Aviatsiya sohasini tahlil qiluvchi IBA kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, aviakompaniyalar allaqachon 1 550 dan ortiq MAX 10 samolyotiga buyurtma bergan. Ushbu model Boeing kompaniyasining 737 oilasiga tegishli bajarilmagan buyurtmalar umumiy hajmining 31 foizini tashkil etadi.

MAX 10 modeli Boeing kompaniyasining Yevropaning Airbus kompaniyasi bilan daromadli tor fyuzelyajli yo‘lovchi samolyotlari bozoridagi raqobatida muhim o‘rin tutadi. Xitoyning COMAC C919 samolyoti esa hozircha ushbu ikki yirik ishlab chiqaruvchidan ancha ortda qolmoqda.

Boeing 2020-yillarning boshidan beri 737 MAX 10 samolyoti uchun sertifikat olishga urinib kelmoqda. MAX oilasining eng katta modeli 230 nafargacha yo‘lovchini tashiy oladi. Taqqoslash uchun, MAX 9 samolyotining sig‘imi 195 nafargacha, MAX 7 samolyotiniki esa 160 nafargacha yo‘lovchini tashkil etadi.

Sertifikatlash jarayonining kechikishi Airbus kompaniyasiga ushbu bozordagi mavqeini mustahkamlash imkonini berdi. Natijada Airbus A321neo yirikroq tor fyuzelyajli yo‘lovchi samolyotlari bozorida kattaroq ulushga ega bo‘ldi.

Yo‘lovchi sig‘imi oshirilgan yangi samolyotning paydo bo‘lishi bir nechta aviakompaniyaning rivojlanish rejalari uchun muhim ahamiyatga ega. MAX 10 samolyotlariga asosiy buyurtmachilar qatoriga United Airlines, Alaska Airlines, Ryanair, Delta Air Lines va American Airlines kiradi.

Boeing kompaniyasi ushbu modelning bir nechta nusxasini allaqachon ishlab chiqargan. Ular mijozlarga topshirilishini kutmoqda. Samolyotdan foydalanishga rasmiy ruxsat berilishi uni bozorga chiqarish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi. Keyingi qadamlar ishlab chiqarish va samolyotlarni mijozlarga yetkazib berish rejalariga bog‘liq bo‘ladi.