Xitoyning Chengdu shahridan Turkmanistonning Seraxdagi Serax temir yo‘l stansiyasiga yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk temir yo‘l qatnovi ochildi. Ushbu yo‘nalish Xitoy bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi logistika aloqalarini rivojlantirishdagi muhim qadamlardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.
Xinhua axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, yangi yo‘nalish bo‘yicha Chengdu shahridan Turkmanistonga ilk yuk poezdi jo‘natildi. Ushbu qatnov Chengdu va Turkmaniston o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ikkinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l yuk yo‘nalishiga aylandi.
Xitoy bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi yuk poezdlari qatnov tizimi 2014-yilda ishga tushirilgandan beri izchil kengaytirib kelinmoqda. Dastlab Chengdu, Olmaota va Toshkentni bog‘lagan yo‘nalishlar keyinchalik Ostona, Bishkek, Dushanbe va Seraxni ham o‘z ichiga oldi.
Yangi temir yo‘l yo‘nalishining ochilishi Seraxning mintaqalararo yuk tashishdagi muhim tranzit markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga imkon beradi. Shuningdek, mazkur yo‘nalish Xitoy bilan Turkmaniston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmining to‘g‘ridan-to‘g‘ri va barqaror rivojlanishiga shart-sharoit yaratadi.
Xinhua axborot agentligi yangi logistika xizmatining ishga tushirilishi Xitoy va Turkmaniston o‘rtasidagi quruqlikdagi savdo ko‘lamini kengaytirayotganini ta'kidlaydi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.