Eron Kaspiy dengizi orqali amalga oshiriladigan yuk tashishlarni kengaytirish va savdo oqimlarining bir qismini mamlakatning shimoliy hududlariga yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu tashabbus «Kaspiy ekspressi» deb ataladi.

Orient.tm saytining xabar berishicha, tashabbus Hormuz bo‘g‘ozidagi hozirgi murakkab vaziyatlar bilan bog‘liq holda Eronning transport-logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish maqsadini ko‘zda tutadi.

Loyiha doirasida Anzali, Amirobod va Noushahr portlarining imkoniyatlaridan yanada faol foydalanish rejalashtirilmoqda. Ushbu portlardan yuklarni Kaspiy dengizi orqali hamkor mamlakatlar portlariga tashish nazarda tutilgan.

Yangi yo‘nalishlarning rivojlantirilishi Eronning Markaziy Osiyo va Yevroosiyo bozorlariga chiqadigan savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilishga, logistika xarajatlarini kamaytirishga va muqobil transport yo‘lagini yaratishga imkon berishi mumkin.

Bu holat Turkmanistonning transport-logistika imkoniyatlari uchun ham ahamiyatlidir. Kaspiy dengizining sharqiy qirg‘og‘idagi Turkmenbashi xalqaro dengiz porti «Shimol–Janub» va «Sharq–G‘arb» xalqaro transport yo‘laklari chorrahasida joylashgan muhim logistika markazi sifatida yangi yuk oqimlarini jalb qilish imkoniyatlariga ega.

Kaspiy dengizi orqali savdo qatnovlarining kengaytirilishi mintaqa davlatlari o‘rtasida transport-kommunikatsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoit yaratishi mumkin.