Eron janubidagi Fors viloyatida yirik tabiiy gaz koni topildi. Kelgusida mamlakatga oʻnlab milliard dollar daromad keltirishi mumkin boʻlgan yangi kon haqidagi maʼlumotlarni Eron neft vaziri Mohsen Paknejad maʼlum qildi.
Yangi gaz koni Fors viloyatining janubidagi Taxt tumanida joylashgan. Vazirning soʻzlariga koʻra, konchilikdagi tabiiy gaz tarkibida oltingugurtning ozligi uni oʻzlashtirish va ishlab chiqarishga kiritish uchun zarur xarajatlarni past boʻlishini taʼminlaydi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Taxt konining tabiiy gaz zaxiralari 212 milliard kub metr miqdorida baholanmoqda. Ushbu zaxiralarning taxminan 161 milliard kub metrini chiqarib olish mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Mohsen Paknejadning taʼkidlashicha, chiqarib olinishi mumkin boʻlgan gaz hajmi Eronning yirik gaz konlaridan biri boʻlgan Janubiy Pars konining bir fazasida taxminan 15 yil davomida ishlab chiqariladigan gaz hajmiga tengdir.
Yangi kon faqat tabiiy gaz zaxiralari bilan cheklanib qolmaydi. Uning hududida katta miqdordagi gaz kondensati ham borligi aniqlandi.
Eron neft vazirining soʻzlariga koʻra, kondan olinishi mumkin boʻlgan gaz kondensatining bozor qiymati oʻnlab milliard dollar bilan oʻlchanadi.
Yangi konning topilishi Eron energetika sektori uchun muhim ahamiyatga ega boʻlib, mamlakatning tabiiy gaz zaxiralarini oshirishga va kelgusida energetika resurslaridan olinadigan daromadlarni yuksaltirishga imkoniyat yaratishi mumkin.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.