Gruziya Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini siyosiy va iqtisodiy yoʻnalishlarda yana-da rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Bu haqda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hukumat majlisida qilgan chiqishida taʼkidladi.
Uning aytishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik Gruziyaning tashqi siyosatida muhim oʻrin egallaydi. Gruziya Markaziy Osiyo davlatlarini Qora dengiz orqali Gʻarb makoni bilan bogʻlaydigan muhim transport-logistika markazlaridan biri sifatida namoyon boʻladi.
«Gruziyaning bogʻlovchi vazifasini rivojlantirishda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarimizga alohida ahamiyat beramiz», — deb taʼkidladi bosh vazir. U kelgusida hukumat Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy hamda savdo-iqtisodiy munosabatlarni yana-da chuqurlashtirish uchun saʼy-harakatlarni davom ettirishini aytdi.
Irakliy Kobaxidze 2026-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan oʻtkazilgan yuqori darajadagi uchrashuvlarga ham eʼtibor qaratdi. Iyun oyida uning Qozogʻistonga boʻlgan rasmiy tashrifi davomida ikki mamlakat oʻrtasida strategik hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tbilisiga boʻlgan tashrifi doirasida Gruziya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar strategik darajaga koʻtarildi.
Gruziya hukumat boshligʻi iyun oyida Qirgʻizistonga va Tojikistonga amalga oshirgan rasmiy tashriflarini ham eslatib oʻtdi. Tashriflar davomida bir qator ikki tomonlama kelishuvlarga imzo chekindi.
Markaziy Osiyo bilan Gruziyaning oʻrtasidagi munosabatlarda Turkmaniston ham muhim oʻrin egallaydi. Iyul oyida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Gruziyaga boʻlgan rasmiy tashrifi doirasida Ashxobod bilan Tbilisi oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir nechta kelishuvga imzo chekindi.
Tomonlarning hozirgi munosabatlari transport-logistika, savdo-iqtisodiy hamkorlik va mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Gruziyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish borasidagi niyatlari bu yoʻnalishdagi munosabatlarni kelgusida yana-da faollashtirishni maqsad qilganini koʻrsatadi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.