Italiyaning «Eni» va Fransiyaning «Total Energies» kompaniyalari Kipr dengiz shelfida joylashgan «Kronos» gaz konini o‘zlashtirish bo‘yicha yakuniy investitsiya qarorini qabul qildilar.

Ushbu loyiha Italiyaning energiya ta'minotini diversifikatsiya qilish va tabiiy gaz manbalarini kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslardan biri sifatida baholanmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakat iste'mol qiladigan tabiiy gazining taxminan 95 foizini chet eldan import qiladi. Italiya uchun asosiy gaz yetkazib beruvchilardan biri esa Jazoir hisoblanadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, «Kronos» gaz konining zaxiralari 85 milliard kubometrdan ortiq tabiiy gazni o‘z ichiga oladi. Ushbu loyiha Kipr uchun ham strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakat tarixida tabiiy gazni sanoat darajasida o‘zlashtirish bo‘yicha ilk yirik loyiha bo‘ladi.

Loyoya doirasida dengizning chuqurliklarida to‘rtta gaz qudug‘ini burg‘ulash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, har kuni o‘rtacha 14,16 million kubmetr tabiiy gaz chiqarish ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, «Kronos» gaz konining ishga tushirilishi nafaqat Italiyaning energiya ta'minotining ishonchliligini oshiradi, balki Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasining energetika sohasidagi o‘rnini ham yanada kuchaytiradi.