Kasblar xilma-xil bo‘lishiga qaramay, yoshlarning o‘z qobiliyati va qiziqishlariga mos kasbni tanlashi ularning kelajak hayotida muhim o‘rin tutadi. O‘zi sevib tanlagan kasbiga sidqidildan yondashib, barcha qobiliyat va ko‘nikmalarini ishiga safarbar etadigan insonlar mehnat jamoasida ham, jamiyatda ham hurmat-e’tibor qozonadilar. «Türkmengeologiýa» davlat korporatsiyasining «Marygidrogeologiýa» ekspeditsiyasi gidrogeologiya bo‘limi yetakchi mutaxassisi-gidrogeologi Shamyrat Mämmetjumayew ana shunday mutaxassislardan biridir.
Mary viloyatining Ýolöten shahrida tug‘ilib, voyaga yetgan Shamyrat Mämmetjumayew 1993-yilda o‘rta maktabni tamomlab, o‘sha paytdagi Turkman politexnika institutining neft va gaz fakulteti gidrogeologiya bo‘limiga o‘qishga kirdi. U 1998-yilda oliy ta’lim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlab, yosh mutaxassis sifatida mehnat faoliyatini boshladi.
Oliy o‘quv yurtini bitirgach, yo‘llanma asosida hozirgi kunda ham faoliyat yuritayotgan korxonasiga ishga kelgan Shamyrat dastlabki kunlardanoq tajribali mutaxassislarning ko‘magiga ega bo‘ldi. Ekspeditsiyaning gidrogeologiya bo‘limi mudiri Atamyrat Öwezgeldiýew va bosh gidrogeolog Geldi Jumayew unga ustozlik qilib, kasbiy jihatdan rivojlanishiga yordam berdilar.
Tajribali ustozlarning ibrati, maslahat va tavsiyalari yosh mutaxassisning o‘zi tanlagan kasbni yanada chuqurroq o‘rganishi hamda nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirishi uchun muhim sharoit yaratdi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.