Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Gruziyaning yirik dengiz portlari rahbarlari Bokuda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘rta koridor faoliyatini yanada muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda Turkmanboshi, Boku, Aktau, Quriq, Poti va Batumi portlari vakillari ishtirok etdi. Muzokaralar davomida Kaspiy va Qora dengiz havzalarini bog‘laydigan yagona tranzit transport makonini yaratish, shuningdek, mintaqalararo logistika hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘rta koridor orqali yuk tashish hajmining ortishi portlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi. Boku xalqaro dengiz porti ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida Ozarbayjon va Turkmaniston o‘rtasidagi dengiz orqali yuk tashish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34,6 foizga oshdi. Qozog‘iston portlari bilan dengiz orqali tashish hajmi esa 6 foizga ko‘paydi.

9–10-sentabr kunlari o‘tkazilgan ikki kunlik forum davomida logistika to‘siqlarini kamaytirish, chegaradan o‘tish jarayonlarini raqamlashtirish, shuningdek, Ro-Ro turidagi kemalar va turli xil yuklarni qayta ishlashni tezlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv ishtirokchilari Boku portining yuklarni boshqarish yagona markazi bilan tanishdilar. Shuningdek, «Yashil port» konsepsiyasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Uchrashuv Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vazirligi, AZCON xoldingi, «Ozarbayjon temir yo‘llari» yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati va Boku porti tomonidan Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengash Kotibiyatining ko‘magida tashkil etildi.

Kaspiy va Qora dengiz portlari faoliyatini yanada yaqin muvofiqlashtirish Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi multimodal transport yo‘nalishlarining samaradorligini oshirish hamda O‘rta koridorning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish uchun sharoit yaratadi.