Turkmanistonning Kaspiy dengizi sohilidagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasi joriy yilning kuzida yirik xalqaro uchrashuvlarning uchtasiga mezbonlik qiladi. 7–9-oktabr kunlari bu yerda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari Kengashining majlisi hamda Kaspiy ekologik sammiti o‘tkaziladi.
Bu haqda turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda qayd etildi.
Suhbat davomida Turkmaniston va Qozog‘istonning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi sa’y-harakatlari samaradorligi ta’kidlandi. Tomonlarning mintaqaviy masalalarga bo‘lgan qarashlari ko‘p jihatdan mos kelishi yoki yaqinligi qayd etildi.
Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘iston Prezidentiga Turkmanistonning «Avaza»da o‘tkaziladigan uchta muhim xalqaro forumda qatnashish taklifini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Qosim-Jomart Toqayev ham ushbu sammitlarda qatnashishini tasdiqladi.
Oldinda turgan uchrashuvlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, Kaspiy dengizining ekologik masalalarini birgalikda muhokama qilish uchun muhim minbar bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, telefon muloqotida Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining Turkmanistonga bo‘ladigan tashrifiga alohida ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.