Liviyaning Ashxoboddagi elchixonasi bo‘sh kotib lavozimini egallash uchun tanlov e’lon qildi. Ushbu lavozimga nomzodlardan rus va ingliz tillarini yozma hamda og‘zaki shaklda erkin bilish, kompyuter va Microsoft Office dasturlaridan (Word, Excel, Outlook, PowerPoint) ishonchli foydalana olish talab etiladi. Shuningdek, ofis jihozlari bilan ishlash ko‘nikmasi bo‘lishi lozim. Arab yoki boshqa xorijiy tillarni bilish qo‘shimcha ustunlik hisoblanadi.
Nomzodlardan rasmiy ish xatlarini tayyorlash qoidalari va diplomatik odob me’yorlarini bilish, telefon orqali muloqot olib borish, kiruvchi va chiquvchi xat-xabarlarni qabul qilish hamda ro‘yxatga olish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lish kutilmoqda. Shuningdek, uchrashuvlar, yig‘ilishlar va mehmonlarni qabul qilish tadbirlarini tashkil etish ko‘nikmalariga ham e’tibor qaratiladi.
Lavozimga da’vogarlar mas’uliyatli, sinchkov, xushmuomala, keskin vaziyatlarda o‘zini tuta oladigan, maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalari va diplomatik muomala me’yorlariga rioya qiladigan bo‘lishi kerak.
Kotibning asosiy vazifalariga kiruvchi qo‘ng‘iroqlar, xatlar va hujjatlarni qabul qilish hamda qayta ishlash, rus va ingliz tillarida rasmiy yozishmalarni yuritish, hujjatlar, ma’lumotnomalar va kundalik xat-xabarlarni tarjima qilish, uchrashuvlar jadvalini tuzish, mehmonlarni qabul qilishni tashkil etish, shuningdek, elchixona faoliyatini ma’muriy-texnik jihatdan ta’minlash kiradi.
Qiziqish bildirgan nomzodlar fotosurati ilova qilingan tarjimayi holini (CV) rus yoki ingliz tilida tayyorlab, libembassy24@gmail.com elektron manziliga yuborishlari mumkin.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.