
Yaqin kelajakda Makka shahrida yangi aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda. Aeroport va metro tizimi qurilish rejalari har yili Makkaga keladigan ko‘p sonli ziyoratchilarning kelishini osonlashtirish va musulmonlarning muqaddas shahri ichidagi harakatni yengillashtirishga qaratilgan. Makka shahri va muqaddas joylar bo‘yicha Qirollik komissiyasi (RCMC) bosh direktori Saleh al-Rashid ushbu rejalarni «Harvard Business Review Arabia» nashriga bergan intervyusida tasdiqladi.
Hozirgi vaqtda shaharning o‘z xalqaro aeroporti yo‘q va xorijiy ziyoratchilarning aksariyati Makkadan taxminan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Jiddadagi Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroport orqali kelishadi. Makkaning tog‘li hududlari aviatsiya qatnovini qiyinlashtiradi: u turbulentlik zonalarini keltirib chiqaradi, qo‘nishni murakkablashtiradi va ko‘rinish hamda ob-havo sharoitlari bilan bog‘liq qiyinchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Al-Rashid, shuningdek, allaqachon texnik-iqtisodiy asoslash bosqichidan o‘tgan «Makka metrosi» loyihasini amalga oshirish rejalarini ma’lum qildi. 2022-yilda Makkada avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi bilan, shu kunga qadar ushbu xizmatdan foydalangan yo‘lovchilar soni o‘n millionlab kishini tashkil etdi.
Statistika bosh boshqarmasi (GASTAT) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Saudiya Arabistoni turli kirish nuqtalari orqali 1,5 milliondan ortiq xorijiy ziyoratchini qabul qildi.
Keywords