AQSh Davlat kotibi Marko Rubio oilasi bilan O‘zbekistonga xizmat safarini amalga oshirdi. Uning samolyoti Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Amerikalik diplomatni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, mamlakat tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, AQSh Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor hamda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik kutib oldilar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham AQSh Davlat kotibi va Amerika ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlarda ishtirok etish uchun Samarqandga keldi.
Samarqandda Marko Rubio AQSh va Markaziy Osiyoning beshta davlati — Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni birlashtiruvchi «C5+1» formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashadi.
AQSh Davlat departamentining 13-oktabr kuni e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, Marko Rubioning O‘zbekiston va Hindistonga tashrifi 17–22-oktabr kunlari davom etadi.
AQSh tashqi siyosat idorasi «C5+1» uchrashuvi AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tinchlikni mustahkamlash hamda farovonlikni ta’minlashga qaratilgan strategik hamkorlikning ahamiyatiga bag‘ishlanishini ma’lum qildi. Tashrif doirasida Marko Rubio mintaqa mamlakatlari vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazishi rejalashtirilgan.
AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Davlat kotibiga Amerika ishbilarmon doiralarining 200 nafardan ortiq vakili hamrohlik qilmoqda. Vashington ushbu tashrif AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochishga yordam berishiga umid qilmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.