11-sentyabr kuni Ashxobod shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasi va Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi o‘rtasida O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Hujjat MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev va Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi raisi Oleg Storchevoy tomonidan imzolandi. Bu haqda MDH Ijroiya qo‘mitasi xabar berdi.

Bitim fuqarolik aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishni nazarda tutadi. Hujjat, shuningdek, havo harakatini tashkil etish samaradorligini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash va mintaqada transport xizmatlari bozorini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Tomonlar aviatsiya sohasida innovatsion va raqamli texnologiyalarni, jumladan, sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish hamda havo transportining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga alohida e’tibor qaratadi.

Bitim doirasida parvozlar xavfsizligini boshqarish tizimlari bo‘yicha axborot, tegishli hujjatlar va tajriba almashish, mutaxassislar ishtirokida maslahatlashuvlar va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish uchun imkoniyatlar yaratiladi.

Shuningdek, tomonlar fuqarolik aviatsiyasini rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qilish maqsadida MDH Ijroiya qo‘mitasi va Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladigan tegishli yig‘ilishlarda ishtirok etishlari mumkin.

Yangi hujjat MDH hududida fuqarolik aviatsiyasi sohasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va sohani zamonaviy talablarga muvofiq takomillashtirishga qaratilgan muhim qadamlardan biridir.