Lebap viloyatining Seýitnazar Seýdi nomidagi davlat musiqali-drama teatrida «Müdimi senadyr ene hüwdüsi» nomli tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Turkmaniston Xotin-qizlar birlashmasi Markaziy Kengashi, Kasaba uyushmalari Milliy markazi hamda YUNESKO ishlari bo‘yicha Turkmaniston milliy komissiyasi sekretariati tomonidan hamkorlikda e’lon qilingan tanlov yuqori ko‘tarinkilik ruhida o‘tdi.

Tadbirda turli sohalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar qatnashib, viloyatimizning turli tumanlariga xos bo‘lgan allalarning ijro etilish xususiyatlari va ohangini mahorat bilan ochib berdilar. Ishtirokchilar ona allasining xalq og‘zaki ijodiyotidagi qadimgi namuna sifatidagi ahamiyatini badiiy chiqishlar orqali bayon etdilar.

Tanlov shartlariga ko‘ra, xotin-qizlar allalarning kelib chiqishi, yog‘ochdan yasalgan beshikning xususiyatlari, milliy meros bilan bog‘liq urf-odatlar va an’analar haqida rivoyatlar, masallar hamda maqollardan foydalangan holda hikoya qildilar. Chiqishlar davomida bolani beshikka solib alla aytish bilan bir qatorda milliy qo‘l mehnati turlarini ham namoyish etdilar.

Ishtirokchilar Qahramon Arkadag‘imizning «Enä tagzym — mukaddeslige tagzym» asaridan kelib chiqib, ona allasining yosh avlodni tarbiyalashdagi, oilaviy qadriyatlarni asrab-avyaylashdagi va avloddan-avlodga milliy an’analarni yetkazishdagi ahamiyatini ochib beruvchi chiqishlarni taqdim etdilar.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, Turkmanobod shahridagi 63-sonli bolalar bog‘cha-yaslisining tarbiyachisi Jeren Hudaynazarova birinchi o‘rinni egallab, davlat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Koytendag tumani Magdanly shahar madaniyat markazining xonandasi Reyhan Muratova ikkinchi, Qorabekovul tumanining «Zemin nagmalari» folklor ansambli a’zosi Aýnabat Durdyýewa uchinchi o‘rinni egalladi.

Tanlovda qatnashganlarning barchasiga Turkmaniston Kasaba uyushmalari viloyat birlashmasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.