Dashog’uz viloyatining Mustaqillik tumanida yiliga 60 ming tonna paxta chigitini qayta ishlaydigan o’simlik yog’i korxonasi hamda yiliga 350 ming tonna karbamid va 350 ming tonna ammiakli selitra ishlab chiqaradigan yangi majmuaning poydevori qo’yildi. Marosimda Turkmaniston Prezidenti ishtirok etdi. Bu haqda «Vatan» axborot dasturi xabar berdi.

Yog’ korxonasini «DOST gurluşyk, söwda, önümçilik» xo’jalik jamiyati quradi. Umumiy maydoni 122 500 kvadrat metr bo’lgan, yuqori sifatli paxta yog’i ishlab chiqaradigan korxona bir sutkada 600 tonna xom ashyo qabul qila oladi. Qabul qilingan xom ashyo birinchi bosqichda tekshiruvdan o’tkazilib, xom ashyo omborlarida jamlanadi.

Shuningdek, «Turkmenximiya» davlat konserni tumanda azotli o’g’itlar ishlab chiqaradigan yirik majmualar qurishni rejalashtirmoqda. Loyihani «Gap Inşaat» kompaniyasi amalga oshiradi: ammiakli selitra ishlab chiqarishini Germaniya, karbamid ishlab chiqarishini esa Niderlandiya kompaniyasi quradi. Asosiy xom ashyo tabiiy gaz bo’lib, dastlabki hisoblarga ko’ra zavod yiliga 630 million kub metr gaz va 6 million kub metr suv sarflaydi.

Poydevor qo’yish marosimidan so’ng davlat rahbari ishtirokchilar bilan samimiy xayrlashdi. Dashog’uz viloyatiga ish safarini yakunlagan Prezident Dashog’uz shahridagi xalqaro aeroportdan Ashxobodga yo’l oldi.