2026-yilda O‘zbekistonga Turkmaniston hududi orqali tranzit yo‘li bilan taxminan 72 ming tonna neft yetkazib berildi. Neft dengiz va temir yo‘l transporti orqali tashilib, O‘zbekistonning yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri bo‘lgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga olib boriladi.
“Sputnik O‘zbekiston” nashrining xabar berishicha, bu haqda Turkmanistonning “Deňiz söwda floty” yopiq aksiyadorlik jamiyati savdo va marketing bo‘limi boshlig‘i Rustam Rejepov transport-logistika ishlarini tashkil etish haqida so‘z yuritar ekan, ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, neft dastlab dengiz transporti orqali Turkmanistonning xalqaro dengiz portiga olib kelinadi. Shundan so‘ng xomashyo maxsus temir yo‘l sisternalariga yuklanadi va poyezdlar Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga yo‘l oladi.
Shu tariqa, Turkmaniston O‘zbekistonga energetika xomashyosini yetkazib berishda muhim tranzit yo‘lagi vazifasini bajarmoqda. Mamlakatning dengiz va temir yo‘l infratuzilmalaridan o‘zaro uyg‘un foydalanish neftni belgilangan manzilga samarali yetkazish imkonini beradi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.