
Qadrli bitiruvchilar! Sizlarni Qudratli davlatning yangi davri tiklanish davrida oliy ofitserlar tarkibi va xodimlarni tayyorlaydigan Turkmaniston Harbiy akademiyasini, shuningdek, mamlakatimiz harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun mutaxassislarni yetishtiradigan oliy o‘quv yurtlarini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz, oliy kasbiy ta’lim va ilk ofitserlik unvoniga ega bo‘lib, mehnat yo‘liga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ezgu Vatanimizning mudofaa xususiyatidagi Harbiy doktrinasi tamoyillari, maqsadlari va vazifalarini qat’iy bajarish, milliy qadriyatlarimizni, fuqarolarimizning osoyishta, baxtiyor turmushini hamda ijodiy mehnatini himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini tantana qildirish sizning muqaddas burchingizdir. Vatanimizning buyuk Mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, konstitutsiyaviy tuzumi, mudofaa qobiliyati, davlat chegaralarimizning daxlsizligi, yurt xavfsizligi, jamoat osoyishtaligini ishonchli himoya qilishda, qonunchilik va huquq tartibotini mustahkamlashda qadamingiz qat’iy, boshingiz baland bo‘lishini, mas’uliyatli xizmatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman.
Mard Vatan himoyachilari! Vatan inson uchun muqaddasliklarning eng ulug‘idir. Vatan xizmatida bo‘lish, hayotingni unga bag‘ishlash — yuksak sharafdir. Aynan shu bois mamlakatimizda harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, ularning oila a’zolarining xizmat va maishiy sharoitlarini muntazam yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy qismlarda yangi bino-inshootlarning foydalanishga topshirilishi mard himoyachilarimizga bo‘lgan g‘amxo‘rlikning yaqqol dalilidir.
Bugun mustaqil o‘lkamizning yashil bayrog‘i yurt himoyasiga qasamyod qilgan mard, botir va g‘ayratli Vatan o‘g‘lonlari qo‘lida baland hilpiramoqda. Siz O‘g‘uzxon, Bayramxon, To‘g‘rul bek, Chag‘ri bek, Alp Arslon, Sulton Sanjar, Sulton Jaloliddin, Keymir sardor kabi shon-shuhratli ota-bobolarimizning avlodlarisiz. Ularning vatanparvarlik tamoyillariga sodiq bo‘lib, yurt himoyachilarining mardlik maktabini davom ettirish siz uchun muqaddas burch bo‘lishi kerak.
Sizning aziz Vatanimiz Turkmanistonning temir qal’asi va po‘lat qalqoni bo‘lishingizga, el-yurtimiz osoyishtaligini, muqaddas chegaralarimiz daxlsizligini hushyorlik bilan himoya qilishingizga, xizmatingizda yuqori natijalarni ko‘rsatishingizga chin qalbimdan ishonaman.
Hurmatli ofitserlar, professor-o‘qituvchilar! Harbiy mutaxassislarning yuqori tayyorgarlikka ega, jismoniy va ruhiy jihatdan baquvvat, keng dunyoqarashli bo‘lishi milliy qo‘shinimiz mudofaa qobiliyatini belgilaydi. Sizning asosiy vazifangiz — Vatan himoyachilarining bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish, ularni ajdodlarimiz shon-shuhratiga munosib vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, o‘qitishning zamonaviy usullarini xalqaro tajribalar bilan uyg‘unlashtirish hamda fan, texnika va raqamli tizim imkoniyatlariga tayangan holda ta’lim berishdir.
Qadrli bitiruvchilar! Sizlarning barchangizni o‘quv yurtlarini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, cheksiz baxt, oilaviy xotirjamlik va muqaddas hamda mas’uliyatli xizmatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman.
Turkmaniston Prezidenti, Turkmaniston Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Serdar BERDIMUHAMEDOV.
Keywords