Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Tokayev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni joriy yil noyabr oyining boshida Astanada bo‘lib o‘tadigan «Sun’iy intellekt sohasida xavfsizlik» mavzusidagi Oqaba jarayoni yig‘ilishida qatnashishga taklif qildi.

Bu haqda Qozog‘iston davlat rahbari turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda ma’lum qildi.

Suhbat davomida Qosim-Jomart Tokayev Turkmaniston va Qozog‘iston davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkaziladigan o‘zaro tashriflar hamda uchrashuvlarning ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Qozog‘iston Prezidenti, shuningdek, o‘tgan yilning dekabr oyida Ashxabodda Xalqaro tinchlik va ishonch yili hamda Turkmaniston Betarafligining 30 yilligi doirasida o‘tkazilgan xalqaro forumda Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuvining ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Ikki mamlakat davlat rahbarlarining Turkmaniston va Qozog‘iston tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro forumlarda muntazam qatnashib kelayotgani ta’kidlandi. Ushbu an’ana ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori darajasining muhim ko‘rsatkichlaridan biri sifatida bahòlandi.

Qosim-Jomart Tokayev joriy yilning noyabr oyining boshida Astanada bo‘lib o‘tadigan «Sun’iy intellekt sohasida xavfsizlik» mavzusidagi Oqaba jarayoni yig‘ilishida Prezident Serdar Berdimuhamedovning ishtirok etishini katta hurmat bilan kutishini yana bir bor qayd etdi.

Yig‘ilish sun’iy intellekt texnologiyalarini xavfsiz va mas’uliyatli rivojlantirish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi texnologiyalar yaratayotgan imkoniyatlar va tavakkalchiliklar yuzasidan fikr almashish uchun muhim xalqaro minbarga aylanishi kutilmoqda.