Rim papasi Lev XIV ota Pavel Yanush Kubyakni Vatikanning Turkmanistondagi katolik vakolatxonasining yangi rahbari etib tayinladi. Bu haqda Fides axborot agentligi xabar berdi.

Rim papasi vakolatxonasining sobiq rahbari ota Anjey Madeyning lavozimidan ozod etish haqidagi arizasini qabul qildi. Uning oʻrniga ilgari Turkmanistondagi vakolatxonada maʼmuriy lavozimlarda ishlagan ota Pavel Yanush Kubyak tayinlandi.

Anjey Madey 1997-yildan beri Turkmanistondagi katolik vakolatxonasining rahbari boʻlib ishlagan. U 2025-yilning iyun oyida Ashxoboddagi diplomatik faoliyatini yakunladi. Shunday qilib, uning Turkmanistondagi xizmat davri 28 yilga yaqin davom etdi.

Vakolatxonaning yangi rahbari Pavel Yanush Kubyak 1974-yil 8-fevralda Polshaning Turek shahrida tugʻilgan. U 1994-yilda oblatlar kongregatsiyasiga qoʻshildi va bir yildan soʻng Sventiy-Kshijda ruhoniylik boʻyicha boshlangʻich tayyorgarligini tamomladi.

Kubyak 1999-yilda monaxlikning abadiy qasamyodini qabul qildi. 2001-yilda esa Polshaning Obra shahrida ruhoniy unvoniga sazovor boʻldi.

Ruhoniylik xizmatining dastlabki yillarida Pavel Yanush Kubyak Ukrainada va Rossiyada joylashgan, Polsha kongregatsiyasiga tegishli vakolatxonalarda ishlagan. U 2023-yilda Turkmanistonga kelguniga qadar oʻsha yerlarda turli xizmat vazifalarini bajarib kelgan.

Vakolatxonaning yangi rahbarining Turkmanistondagi katolik vakolatxonasiga tayinlanishi Vatikan va Turkmaniston oʻrtasidagi diniy va gumanitar yoʻnalishlardagi aloqalarni davom ettirish boʻyicha yangi bosqichni anglatadi.