Rossiya «Starlink» tizimiga muqobil sifatida ko‘rilayotgan «Rassvet» sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimini yaratish ishlarini jadallashtirmoqda. «Bureau 1440» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan loyiha haqida «Financial Times» nashri xabar bermoqda.

Yangi tizim Yerning quyi orbitasida harakatlanadigan sun’iy yo‘ldoshlar orqali aloqa xizmatlarini taqdim etishga mo‘ljallangan. Shuningdek, undan uchuvchisiz uchish apparatlari va avtomobillarni real vaqt rejimida boshqarishda foydalanish rejalashtirilgan. Ushbu imkoniyatlarni Yevropa ustidagi havo hududida ham qo‘llash ko‘zda tutilmoqda. Sun’iy yo‘ldoshlar harakatlanayotgan obyektlarning koordinatalarini yerdagi boshqaruv markazlariga uzatish imkonini beradi.

Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri uchuvchisiz qurilmalarning radioelektron xalaqitlarga chidamliligini oshirishdan iborat.

Hozirga qadar «Rassvet-3» rusumidagi 30 dan ortiq sun’iy yo‘ldosh orbitaga chiqarilgan. Ular Yerdan taxminan 510 kilometr balandlikda joylashgan. Bunday orbital balandlik yanada ixcham sun’iy yo‘ldosh aloqa terminallaridan foydalanish uchun qulay sharoit yaratadi.

Tizimning butun dunyo bo‘ylab qamrovini ta’minlash maqsadida 2027-yilga qadar sun’iy yo‘ldoshlar sonini 250 tadan oshirish rejalashtirilgan.