AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy ma’muriyatida yangi tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2026-yil 9-noyabrdan boshlab ma’muriyat rahbari lavozimiga avval uning o‘rinbosari sifatida ishlagan Stiven Miller tayinlanadi. Bu haqda Donald Tramp 6-noyabr kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Prezident bayonotida Stiven Miller uning eng ishonchli maslahatchilaridan biri sifatida ta’riflangan. Hozirda ushbu lavozimni egallab turgan SyuzI Uayls esa Trampning siyosiy jamoasida (Trump Political Operation) o‘z faoliyatini davom ettiradi. Donald Tramp ma’muriyat rahbari lavozimida amalga oshirgan ishlari uchun unga minnatdorlik bildirib, faoliyatiga yuqori baho berdi.
SyuzI Uayls ham o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida juma kuni Oq uy ma’muriyati rahbari lavozimidagi so‘nggi ish kuni bo‘lishini ma’lum qildi. U Donald Tramp prezidentligi davrida Oq uyda ishlash imkoniyatini hayotidagi eng muhim ishlardan biri sifatida ta’rifladi. Amerika ommaviy axborot vositalarining Oq uydagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Uayls lavozimidan ketish haqidagi arizasini payshanba kuni kechqurun topshirgan.
Stiven Miller yangi lavozimga tayinlanishini katta sharaf deb bilishini aytib, SyuzI Uaylsga sadoqatli xizmati va do‘stligi uchun minnatdorlik bildirdi.
SyuzI Uayls Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshidan buyon Oq uy ma’muriyatiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. U ushbu lavozimga tayinlangan birinchi ayol sifatida tarixga kirdi. Stiven Miller esa Trampning immigratsiya siyosatini ishlab chiqishda asosiy ishtirokchilardan biri hisoblanadi. U 2025-yildan buyon ma’muriyat rahbarining siyosat bo‘yicha o‘rinbosari hamda milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimlarida ishlab kelmoqda.
Oq uydagi ushbu kadrlar almashinuvi AQSh Kongressiga o‘tkazilgan oraliq saylovlardan bir necha kun o‘tib amalga oshirildi. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, saylov natijasida Demokratik partiya vakillari Kongressning har ikki palatasida ham nazoratni qo‘lga kiritgan. ABC News va Axios kabi nashrlar o‘z manbalariga tayanib, Donald Tramp saylov natijalaridan norozi bo‘lganini xabar qilgan. Shunga qaramay, kadrlar almashinuvining rasmiy sababi hozircha ma’lum qilinmagan.
Oq uydan chiqib ketayotganida jurnalistlarning savollariga javob bergan Donald Tramp ushbu lavozimda «o‘zgarish kiritishni istayotganini» aytdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.