
Hozirgi davrda ilmiy-texnikaviy taraqqiyot sur’atlari inson hayotining barcha jabhalariga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Ushbu rivojlanishning eng ta’sirli yo‘nalishlaridan biri sifatida sun’iy intellekt texnologiyalarini misol keltirish mumkin. Sun’iy intellekt nafaqat ma’lumotlarni qayta ishlash yoki avtomatlashtirish bilan cheklanib qolmasdan, balki tibbiyot fanida ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimida samaradorlikni oshirish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va bemorlarga aniqroq davo choralarini ko‘rish kabi muhim maqsadlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Sun’iy intellekt — inson aqliga xos bo‘lgan fikrlash, o‘rganish va yechim topish kabi qobiliyatlarni kompyuter tizimlarida qayta yaratishga yo‘naltirilgan texnologiyadir. Tibbiyotda uning qo‘llanilishi so‘nggi yillarda keng ko‘lam yozdi. Masalan, sun’iy intellekt algoritmlari orqali tibbiy tasvirlarni — rentgen, MRT va KT tekshiruvlari natijalarini yuqori aniqlikda tahlil qilish imkoniyati tug‘ildi. Bu esa kasalliklarning ilk belgilarini ancha erta bosqichda aniqlash imkonini beradi. Erta tashxis qo‘yish tibbiyotdagi eng muhim shartlardan biridir. Sun’iy intellekt yordamida onkologik kasalliklar, yurak-qon tomir kasalliklari yoki nevrologik buzilishlar kabi xavfli holatlar oldindan belgilanishi mumkin. Bunday hollarda algoritmlar minglab bemorlarning ma’lumotlarini tahlil qilib, kasallikning rivojlanish darajasini bashorat qiladi. Bu esa shifokorlarga nafaqat hozirgi holatni, balki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni ham hisobga olish imkonini beradi.
Sun’iy intellekt shaxsiylashtirilgan tibbiyot tushunchasining rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shmoqda. Har bir inson organizmi o‘ziga xos bo‘lib, uning muolajasi shu o‘ziga xoslikka muvofiq tanlanishi lozim. Sun’iy intellekt tizimlari bemorning genetik ma’lumotlarini, hayot tarzini va oldingi kasalliklarini tahlil qilib, eng maqbul davolash usulini taklif qila oladi. Bu esa davolash samaradorligini oshirib, noto‘g‘ri davo choralarining oldini oladi. Kasalxonalarda navbatlarni boshqarish, bemorlar ma’lumotlarini tartibga solish, dori vositalari hisobini yuritish kabi ishlar avtomatlashtirilib, xodimlar ish yuklamasi yengillashtirilmoqda. Shunday qilib, shifokorlar o‘zlarining asosiy vazifasi — bemorlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishga ko‘proq vaqt sarflashlari mumkin.
Mamlakatimizda ham sog‘liqni saqlash tizimini zamonaviylashtirishga katta e’tibor berilmoqda. Raqamli texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yurtimiz tibbiyot tizimi sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu nafaqat hozirgi avlod, balki kelajak avlodlar salomatligini saqlashda muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan yondashilsa, sun’iy intellektni tibbiyot fanidagi tub islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi deb hisoblash mumkin. U shunchaki yangi texnologiya emas, balki inson salomatligini saqlashda ishonchli yordamchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Kelajakda sun’iy intellekt imkoniyatlarining yanada kengayishi bilan tibbiyot fani yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yadi. Ushbu rivojlanish insoniyatning sog‘lom va baxtli hayotini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasizdir.
Keywords