Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyodagi eng baland binolardan birini qurish rejalashtirilmoqda. «Dushanbe minorasi» deb nomlangan yangi bino balandligi 340 metrga, qavatlari soni эса 77 taga yetadi.

Yangi me'moriy majmuaning poydevorini qo'yish marosimi poytaxtning Shohmansur tumanida bo'lib o'tdi. Tadbirda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham ishtirok etdi.

Loyiha nafaqat baland minorani, balki 52 ta binoni o'z ichiga olgan yirik ko'p tarmoqli majmuani yaratishni nazarda tutadi. Ular orasida beshta baland minora, shuningdek, mintaqadagi eng yirik savdo va dam olish markazlaridan biri bo'ladi.

Majmua hududida 6160 xonadonli 42 ta turar-joy binosi, 1200 o'quvchiga mo'ljallangan umumta'lim maktabi va 500 o'rinli bolalar bog'chasini qurish rejalashtirilgan.

Umumiy maydoni 29 gektarni tashkil etuvchi majmuada yashash, biznes, hordiq chiqarish va turli xizmatlar uchun zarur shart-sharoitlarni o'zida mujassam etgan zamonaviy shahar makoni yaratiladi.

Loyihani amalga oshirishga Rossiya, O'zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyalari jalb etilishi kutilmoqda.

«Dushanbe minorasi» qurilishi yakunlangach, u nafaqat Tojikiston poytaxtining me'moriy qiyofasini o'zgartiradi, balki Markaziy Osiyo shaharsozligidagi eng yirik loyihalardan biri sifatida ham ajralib turadi.