Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi a’zosi bo‘lgan «Amantaý» xususiy korxonasining Toshhovuz shahri chekkasida joylashgan tikuvchilik bo‘limida ichki bozor ehtiyojlarini qondiradigan va import o‘rnini bosadigan turli xildagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Korxonada zamonaviy talablarga muvofiq 40 dan ortiq turdagi tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanmoqda. Mahsulotlar turlarining muntazam yangilanib turishi, ularning sifatiga va tashqi ko‘rinishiga alohida e’tibor qaratilishi bo‘limda ishlab chiqarilayotgan mollarga bo‘lgan talabning ortishiga sharoit yaratmoqda.
Joriy yilning iyul-avgust oylarida bo‘limda bolalar va kattalar uchun mo‘ljallangan kiyim-kechaklarning yangi partiyasi ishlab chiqarilib, chakana savdoga chiqarildi. Kuz-qish mavsumiga mo‘ljallangan, turli bezaklar bilan tayyorlangan kiyim-kechaklar xaridorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Bo‘limning tajribali tikuvchilari tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar nafis tikilishi, zamonaviy dizayni va qulayligi bilan ajralib turadi. Bu yerda kundalik turmushda ishlatiladigan kiyimlar bilan bir qatorda turli kasb vakillari uchun maxsus ish kiyimlari ham ishlab chiqarilmoqda.
Shifokorlar va hamshiralar, savdo tarmog‘i xodimlari, oshpazlar, ishchilar hamda quruvchilar uchun mo‘ljallangan maxsus kiyim-kechaklar korxonaning ishlab chiqarish yo‘nalishlarining asosiy qismini tashkil etadi. Bunday mahsulotlarning yuqori sifatli tayyorlanishi turli joylardan yangi buyurtmalar kelib tushishiga imkon bermoqda.
«Amantaý» xususiy korxonasining ishlab chiqarish faoliyatining kengaytirilishi mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ichki bozorni raqobatbardosh mollar bilan ta’minlash hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar turlarini ko‘paytirish borasida muhim ahamiyatga ega.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.